Xalqaro kuzatuvchilar missiyalari tomonidan 2021-yil 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekistan Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlariga yuksak baho berildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi milliy qonunchilik va saylov huquqlarining xalqaro standartlari doirasida, demokratik normalarga rioya qilingan holda o‘tkazilganligi qayd etib o‘tildi.
Taʼkidlash joizki, saylovoldi oʻquvlarning tashkil etilganligi saylovlarning yuqori saviyada o‘tishida alohida ahamiyat kasb etdi.
Malakali trenerlar yurtimizning barcha hududlarida milliy saylov qonunchiligini targ‘ib qilish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni tashkil etishga bag‘ishlangan seminar-treninglarini olib borish hamda saylovni uyushqoqlik bilan o‘tkazishda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar.
Shularni inobatga olgan holda, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekistan Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda faol ishtirok etgan va o‘ziga yuklatilgan vazifalarga mas’uliyat bilan yondoshib, vijdonan bajargan hududiy trenerlar – oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarini saylov jarayonidagi mehnatini alohida e’tirof etib, ularni rag‘batlantirishni maqsad qilgan.
Mana shunday eʼtirof va ragʻbat bugun, 2021-yil 2-dekabr sanasida Xorazm viloyatidagi fidoiy va jonkuyar trenerlarga ham nasib qildi.
Urganch davlat universitetida Markaziy saylov komissiyasi vakili Xolmuhammad Polvonniyozov hamda 12-Xorazm okrugi raisi, UrDU rektori Baxrom Abdullayevlar saylovini o‘tkazishda faol ishtirok etgan viloyat trenerlari, jumladan, Urganch davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali va Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiallarining 15 nafar professor-o‘qituvchilariga Markaziy saylov komissiyasining Faxriy yorligʻi hamda viloyat hokimining qimmatbaho esdalik sovgʻalarini topshirdilar.
Xuddi shu kabi tadbirlar respublikamizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tmoqda.