2021-yil 3-dekabr kuni Urganch davlat universitetida Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda “Konstitusiya va qonun ustuvorligi – farovon hayot garovi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda UrDU professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni UrDU Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori S.Davletov kirish soʻzi bilan ochib berib, mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, bugungi kundagi barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora oʻsib borayotgani, bularning barchasi, eng avvalo, bosh qomusimizning hayotbaхsh kuch-qudrati natijasi ekanligini alohida qayd etdi.
Shundan soʻng, tadbir mehmonlari jumladan, Xorazm viloyati Urganch tumani Yuridik xizmat koʻrsatish markazi boshligʻi J.Atadjonov – “Konstitutsiya-erkinlik, adolat va tenglikning mustahkam huquqiy poydevori”, Urganch tumani Adliya boʻlimi xodimi S.Yaqubov – “Korrupsiya taraqqiyot kushandasi”, Urganch tumani Ichki ishlar xodimi U.Sharipov – “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi” mavzularida maʼruza qilib, so'nggi yillarda qonunchilikda bo'layotgan o'zgarishlar, korrupsiyani oldini olish va bartaraf qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdilar.
Uchrashuv yakunida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilib, tegishli javoblar oldilar.


