2022-yilning 21-aprel kuni Italiyaning Oʻzbekistondagi Favqulotda Muxtor elchisi Agostino Pinna hamda italiyalik olim Petro Djuzeppe Fre Urganch davlat universitetiga tashrif buyurishdi.
Nufuzli mehmonlarni UrDU rahbariyati mamnuniyat ila kutib oldi. Tashrif avvalida, delegatsiya aʼzolari hamda UrDU rektori Baxrom Abdullayev, Xorazm Maʼmun akademiyasi raisi Ikram Abdullayev va UrDU prorektorlari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda mehmonlar Urganch davlat universitetining keyingi yillardagi Italiya oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik munosabatlari tanishtirildi. Universitet faoliyati, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, moddiy texnik bazasi haqida maʼlumotlar berildi. Shuningdek, istiqbolda oliy taʼlim sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar haqida kelishib olindi.
Shundan soʻng, UrDU yigʻilishlar zalida professor Petro Djuzeppe Frening “Raqamlar, kitoblar va cheksizlik” nomli kitobining taqdimot marosimi oʻtkazildi. Unda UrDU professor-oʻqituvchilari, yosh olimlar, talabalar va Xorazm Maʼmun akademiyasi vakillari ishtirok etdilar.
Taqdimot marosimida professor Petro Djuzeppe Fre soʻzga chiqib, oʻzining “Raqamlar, kitoblar va cheksizlik” kitobi bilan barcha yigʻilganlarni batafsil tanishtirdi.
“Raqamlar, kitoblar va cheksizlik” kitobida jahon matematikasi, matematik tafakkurning rivojlanishi, antik davrda Yunoniston va Rimda yashab ijod etgan, matematikaning tamal toshini qo‘ygan allomalar Evklid, Arximed, Yevdot, Eratosfenlarning matematik me’rosi, Sharq Renessansi davrining buyuk matematigi, Algebra fanining asoschisi Al-Xorazmiy davri, Yevropa uyg‘onish davri va Yangi davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan davrda matematika sohasida erishilgan yutuqlar va uning rivojlanishi tavsiflangan. Kitobda Al-Xorazmiyning tarixi, hayoti, buyuk mutafakkir, matematik olimning ijodi haqida bosqichma-bosqich juda qiziq faktlar keltirilgan. Kitobda olim haqida avval bilmagan ko‘plab yangi dalillar o‘rin olgan. Asar 13 bobdan iborat bo‘lib, har biri matematika fanini yangi bosqichlarga olib chiqqan allomalar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan.
Taqdimotdan soʻng, Zoom platformasi orqali akademik Azimboy Saʼdullayev ushbu asar haqida oʻzining qimmatli fikrlarini bildirib, kitobning matematika olamida tutgan oʻrni va amaliy ahamiyatini alohida eʼtirof etdi.
Shuningdek, UrDU rektori Bahrom Abdullayev, Xorazm Maʼmun akademiyasi Aniq fanlar boʻlimi boshligʻi Umida Boltayevalar ham olimning mazkur kitobi kelajak avlod, ayniqsa, yosh matematik olimlar uchun bebaho meros boʻlganligini taʼkidlashdi. Talaba-yoshlar esa professor Petro Djuzeppe Frega qimmatli asar uchun minnatdorchilik bildirdilar.
Shundan soʻng, mehmonlarga esdalik sovgʻalar ulashildi.
Tashrif yakunida, delegatsiya aʼzolari universitet hududi boʻylab sayr qilib, Al-Xorazmiy haykali poyida dildan suhbat qurdilar.