Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 289-sonli Qarorida pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan 2-4 bosqich talabalari uchun haftalik oʻquv mashgʻulotlari “4+2 tartibi”da, shu jumladan, darslarning 4 kuni oliy taʼlim muassasasida, 2 kuni maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida amaliyot oʻtash tartibida olib borilishini taʼminlash belgilangan. Bu boradagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022-yil 13-iyundagi 202-sonli buyrug‘iga muvofiq, Urganch davlat universitetida maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Bugun, 15-sentabr kuni Xorazm viloyati Maktabgacha taʼlim boshqarmasi tashabbusi bilan Urganch davlat universitetida Pedagogika fakulteti Maktabgacha taʼlim yoʻnalishining 2-3 kurs talabalari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda boshqarmaning Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʼi F.Roʻzmetov, UrDU Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Q. Yo‘ldoshev, Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi K.Bobojonov, “Maktabgacha taʼlim metodikasi” kafedrasi mudiri N.Qoʻchqorova, Urganch shahridagi MTM mudirlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda soʻz olganlar amaliyot jarayoni va oʻqish jarayonini toʻgʻri tashkil qilish, muassasaning ichki tartib-intizomiga rioya qilish, talabalarning amaliyot Nizomi va dasturi bilan yaqindan tanishishlari lozimligi haqidagi masalalarga atroflicha toʻxtaldilar.
Endilikda talabalar o’zlarining bilim salohiyatini har tomonlama ko’rsatish va tizim bilan yaqindan tanishish, muhitni his qilish imkoniyatiga ega bo’ladilar. 4 kun o’qishda olgan nazariy bilimlarini 2 kun davomida amaliyotda qo’llash imkoniyatiga ega bo’ladi.



