Tarix, bugun va kelajakni oʻzida mujassam etgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari bugungi kunda el-yurtimiz hayotida goʻzal anʼanaga aylandi. Ayniqsa, bu kabi uchrashuvlar yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni xalqimizning ko‘p asrlik an’analariga hurmat qilish ruhida tarbiyalash, qolaversa, nuroniylarimizning oʻtgan umrlarini eslab, kechgan damlarini mamnuniyat bilan xotirlashlari yoshlar qalbida shukronalik tuygʻusini uygʻotishi bilan muhim ahamiyatga egadir.
Bugun, 15-dekabr kuni ana shunday ezgulikka yoʻgʻrilgan tadbirlardan biri Urganch davlat universiteti Madaniyat saroyida boʻlib oʻtdi. Uchrashuv Tabiiy fanlar fakulteti hamda Urganch shahrining “Ma’rifat”, “Avesto”, “Navbahor”, “Toza bog’” va “Feruz” mahallalari hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirni Tabiiy fanlar fakulteti dekani X.Polvonov kirish soʻzi bilan ochib bergach, nuroniylarning hayot yo‘llari, olib borgan ko‘p yillik faoliyatlari davomidagi o‘ziga xos yutuqlari va sinovlari haqidagi maʼruzalari tinglandi. Ayniqsa, hayotiy pand-nasihatlari talaba-yoshlar uchun yuksak ma‘naviy tarbiya bo‘ldi. “Uch avlod uchrashuvi”ga Urganch shahar Madaniyat boʻlimi qoshidagi “Folklor xalq ansambli”ning badiiy chiqishlari bayramona koʻrk baxsh etdi.



