Joriy yil 2-3 iyun kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik Urganch davlat universitetida bo‘ldi.
Elchi janoblari dastlab universitet rektori B.Abdullayev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvda Xorazm viloyat hokimi o‘rinbosari B.Saidov hamda universitet prorektorlari G‘.O‘razboyev, Z.Ibragimovlar, "Access" dasturi koordinatori F.Masharipova ishtirok etishdi.
Uchrashuv avvalida rektor B.Abdullayev universitetning bugungi kundagi faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor va bu borada universitetimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib, AQSh oliy ta’lim muassasalari bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari, yozgi maktablar, matematik olimlar ishtirokidagi xalqaro konferensiyalar haqida to‘xtaldi.
Shuningdek, uchrashuvda Urganch davlat universitetda AQSh elchixonasi bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj maktab o‘quvchilari uchun ingliz tilini o‘rgatish maqsadida tashkil etilgan «Access Microscholarship» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda mazkur hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O‘z o‘rnida elchi Jonatan Henik AQSh elchixonasi va universitet o‘rtasidagi hamkorlik faoliyatini yuqori darajada baholab, kelgusida boshqa sohalarda ham yanada mustahkamlash istagini bildirdi.
Shundan soʻng, janob Jonatan Henik Xorijiy filologiya fakultetida boʻlib, u yerda tashkil etilgan “Access Microscholarship" loyihasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi, oʻquvchilar tomonidan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi. Mazkur loyiha doirasida minglab xorazmlik yoshlar nafaqat ingliz tilini tajribali mutaxassislardan turli zamonaviy interfaollar metodikalar asosida oʻrganib kelishadi, shu bilan birgalikda, Amerika madaniyati tarixi haqida ham koʻplab bilimlarga ega boʻlishmoqda.
Shu kunning oʻzida Janob Jonatan Henik Kaliforniya davlat universiteti bilan 2017-yildan buyon hamkorlikda amalga oshirilayotgan Talabalar uchun xalqaro ilmiy tadqiqot amaliyoti (IRES- International Research Experience for Students) loyihasi doirasida universitetimizga 2 oyga xalqaro ilmiy tadqiqot amaliyotini o'tash uchun tashrif buyurgan AQSH lik talabalar bilan uchrashdi.
Tashrifning ikkinchi kunida elchi Jonatan Henik Urganch davlat universitetida joylashgan nodavlat notijorat tashkiloti KRASS-Xorazm agromaslahat markazida boʻldi. KRASS-Xorazm agromaslahat markazi direktori J.Ruzimov KRASS binosidagi ilmiy laboratoriyalarda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tanishtirdi.
Jumladan, GIS laboratoriyasi bilan tanishtirib, laboratoriya qishloq xo‘jalik ekinlarining zararkunanda va kasalliklarini aniqlash va bashorat qilishda GIS dasturi ishlab chiqilayotgani, hozirgi suv taqchilligi davrida o‘simliklarni suvga talabi va sho‘rlanishga chidamliligi bo‘yicha joylashtirishda GIS dasturidan foydalanish, bunda masofadan zondlash va oldingi yillardagi aerokosmik syomkalar dasturi yordamida tahlil qilib, natijasini amaliyotda qo‘llanilishi to‘g‘risida maʼlumot berdi. Shuningdek, Kimyo, Biologiya, Tuproqshunoslik laboratoriyalari bilan ham yaqindan tanishdi. Elchi janoblari laboratoriyalarda tuproq sho‘rlanishiga va qurg‘oqchilikka qarshi qanday ishlar amalga oshirilayotganligiga, ilmiy ishlar natijalari ishlab chiqarishga qanday tadbiq qilinayotganligiga qiziqdi.
Shundan keyin konferensiya xonasida KRASS-Xorazm agromaslahat markazi xodimlari bilan tanishib, Liliana Sin KRASS-Xorazm agromaslahat markazi tashkil topishi va hozirgi kunda amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar va loyihalar to‘g‘risidagi taqdimotni tingladi.
Tashrif yakunida janob Jonatan Henik universitet jamoasiga iliq va doʻstona munosabatlar uchun minnatdorchilik bildirib, Urganch davlat universiteti va KRASS-Xorazm agromaslahat markazi faoliyatiga yanada zafarlar tiladi va ushbu tashrifidan xursandligini izhor etdi.