So‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha Prezidentimiz tashabbuslari bilan qator farmon va qarorlar imzolandi, turizm sohasi iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida e'tirof etildi. Shu asnoda bugungi kunda bir qator davlat oliy taʼlim muassasalari ham yurtimizda turizm sohasini yanada rivojlantirishga jadal bel bogʻlagan.
Xususan, Urganch davlat universiteti ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-135-sonli qarori asosida turizm ta’limi beruvchi oliy ta’lim muassasalaridan biri sanaladi. Bu borada universitetimiz nafaqat turizm taʼlimini bermoqda, balki oʻziga biriktirilgan viloyatimizning Xiva va Bogʻot tumanlarining turistik salohiyatini oshirishga ham ilmiy-amaliy jihatdan munosib hissa qoʻshmoqda.
Bugun, 29-avgust kuni Urganch davlat universitetining yangi oʻquv yili oldidan oʻtkazilgan Kengashning 1-majlisida universitet rektori Abdullayev Baxrom Ismoilovichga turizm sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasining “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishonining tantanali topshirilishi universitet jamoasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 33 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi. Ushbu ko‘krak nishonini Xorazm viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikasiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Saidov topshirdi.
Avvalambor, ushbu yuksak eʼtirof davlatimizning universitetimiz jamoasiga qilgan eʼtibori sanaladi. Shunday ekan, barchamizga mukofot muborak bo‘lsin!