Maʻlumki, oliygohlarda birinchi kursga qabul qilingan talabalarni taʼlim muassasalariga moslashuviga yordamlashish va oʻquv jarayoni bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Birinchi kurs maktabi” tadbirlari tashkil etilmoqda.
Xususan, Urganch davlat universitetida ham Oʻzbekiston mustaqilligining oʻttiz uch yilligi munosabati bilan yangi oʻquv yilining ilk haftasida “Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!” shiori ostida “Mustaqillik darslari” hamda “Birinchi kurs maktabi” tadbirlari oʻtkazilmoqda. Tashkil etilgan tadbirlarda universitet rektori, professor B.Abdullayev ham ishtirok etib, talabalar bilan suhbatda boʻlmoqda.
Bugun, 12-sentabr kuni navbatdagi uchrashuv Sport faoliyati, pedagogika va psixologiya fakulteti hamda Filologiya va sanat fakulteti 1-kurs talabalari bilan oʻtkazildi.
Tadbir davomida birinchi prorektor D.Ibadullayev, rektor maslahatchisi R.Sharipov hamda fakultet dekani A.Xudayberganovlar ham soʻzga chiqib, talabalarga universitetning tuzilmasi, tarixi, ichki tartib-qoidasi va oʻquv, maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlari haqida maʼlumot berdi. Talabalarga bilim olishlari uchun universitetda barcha zarur sharoitlar yaratilganini, endi ulardan faqat izlanish va bilim olish talab qilinishini alohida taʼkidlab oʻtdi.