Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti vakillaridan iborat delegatsiya ayni kunlarda Turkiyaning Anqara shahrida xizmat safarida bo'lmoqda

Bugun, 18-mart kuni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Z.Ibragimov rahbarligidagi delegatsiya a’zolari Anqara Yildirim Boyazid universitetiga hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida mazkur oliygohga tashrif buyurdi. 

Tashrif doirasida universitet rektori boshchiligida rahbariyat a’zolari hamda delegatsiya vakillarining uchrashuvi bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston va Turkiya o’rtasidagi hamkorlik aloqalari hamda do’stlik rishtalari e’tirof etildi.

Aytish joizki, Anqara Yildirim Boyazid universiteti bilan Urganch davlat universiteti o’rtasida 2024-yilning 27-sentyabr kuni Istanbul shahrida bo’lib o’tgan Turkiya - Oʻzbekiston uchinchi taʼlim forumida ilk hamkorlik shartnomasi imzolangan edi. 

Bugun mazkur hamkorlikni yanada kengaytirish hamda ta’lim yo’nalishlari kesimida rivojlantirish bo’yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, universitetlarning faoliyatini namoyon qiladigan videorolik namoyish etildi.

18-mart kuni delegatsiya a’zolarining Anqara Yildirim Boyazid universitetiga tashrifi kunning ikkinchi qismida ham davom etdi. Mazkur universitetning rektori yordamchisi Prof. Dr. Abdullah Yildiz bilan Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Z.Ibragimov rahbarligidagi delegatsiya a’zolarining hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan rasmiy uchrashuvi bo’lib o’tdi.

Shundan so’ng, delegatsiya a’zolari muborak Ramazon oyi munosabati bilan tashkil etilgan “Çanakkale Zaferi ve Ramazan Konseri” nomli bayram va konsert dasturida ishtirok etishdi. Konsert dasturi davomida San’at kafedrasi professor-o’qituvchilari milliy maqom san’atimizning goʻzal namunalarini ijro etib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirishdi.