Bugun, 26-aprel kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakultetida "Kambag'allikni qisqartirishda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ahamiyati" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Seminarda universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Z.Ibragimov, Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakulteti dekani I.Abdullayevlar so'zga chiqib, ushbu nufuzli konferensiyaning ahamiyati, ijtimoiy tenglikni ta'minlash, zamonaviy iqtisodiy model va mexanizmlarni amaliyotga tatbiq etish haqida o'z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi kambag'allikni kamaytirish bo'yicha ilg'or tajribalarni o'rganish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladigan istiqbolli yechimlarni ishlab chiqishdan iborat.
Ushbu nufuzli konferensiyada nafaqat universitetimiz olimlari, balki respublikamizdagi soha mutaxassislari hamda xorijlik ekspertlar ham faol ishtirok etishdi.
Xususan, anjumanda Urganch davlat universiteti professori, BMTning Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyati bo‘linmasi rahbari B.Ro'zmetov, professor T.Do'schanov, Kazan Federal universiteti Yelabuga filiali professori V.Islamutdinov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi Urganch hududiy filiali direktori F.Abdullayev, “Iqtisodiyot oliy maktabi” Milliy tadqiqot universiteti Operatsion boshqaruv va logistika bo‘limi tadqiqotchisi A.Ustujyansevalar mehmon sifatida ishtirok qilishib, "O‘zbekistonda kambagʻallikni qisqartirish milliy modeli xususiyatlari", "Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ijtimoiy tadbirkorlik mexanizmi asosida takomillashtirish masalalari" , "Энтропийный подход к измерению бедности", “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili Davlat dasturining mazmun-mohiyati va mazkur yo‘nalishda Singapur tajribasi" kabi mavzularda ma'ruzalar qilishdi.
Mazkur konferensiya sohada yangi g'oya va tashabbuslarning paydo bo'lishi, hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi va istiqbolli strategik yo'nalishlarning belgilanishida muhim qadamlardan biri bo'ldi.