Bugun, 12-avgust kuni 2025/2026-o‘quv yili qabulida texnikum bitiruvchilarini bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilish bo‘yicha suhbatlar belgilangan grafik jadval asosida boshlab yuborildi.
Joriy yil qabulida universitetning 17 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha jami 377 nafar texnikum bitiruvchisi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinishi uchun suhbat sinovlaridan o‘tmoqda.
Suhbatlar ta’lim yo‘nalishlar kesimida tuzilgan keng jamoatchilik, soha mutaxassislaridan iborat komissiya a’zolari tomonidan olib borilmoqda. Har bir komissiya a’zolari abituriyentlarning bilim va salohiyatini baholash, ularning tanlagan yo‘nalishga tayyorgarlik darajasini aniqlashga e’tibor qaratmoqda.
Jarayonlarda shaffoflik va adolatni ta’minlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi vakillari ham faol ishtirok etmoqda.
Suhbat jarayonlari joriy yilning 14-avgustiga qadar davom etadi.