Bugun “Yangi Oʻzbekiston olimpiya choʻqqilari” sport musobaqalari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida o‘tkaziladigan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2025-yilgi mavsumi tantanali tarzda start oldi.
Respublika miqyosida markazlashgan holda tashkil etilgan ochilish marosimida Xorazm viloyatining barcha oliygohlari vakillari Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti sport majmuasida jam bo‘lishdi. Bu nafaqat sportchilar, balki bilim va tafakkur ahli uchun ham chinakam bayram, sog‘lom turmush tarzi g‘oyalarini keng targ‘ib etuvchi ulkan tadbir bo‘ldi.
Ochilish marosimida viloyat sport boshqarmasi mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar, sportsevar talaba-yoshlar ishtirok etib, yoshlarning irodasi va g‘alabaga intilishini qo‘llab-quvvatladilar. Tadbir davomida talaba-yoshlarga Jismoniy tayyorgarlik darajasi sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur musobaqalar nafaqat sportchilarni yangi marralarga chorlaydi, balki yoshlarda sog‘lom raqobat, do‘stlik va yuksak vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi. Zero, sport — bu kuch va jasorat, iroda va intilish, sog‘lom jamiyatning ramzidir.
©️UrDU Matbuot xizmati