2021-yil 30-aprel kuni Urganch davlat universiteti Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlis universitet rektori raisligida, kengash a`zolari ishtirokida o`tkazildi.
Kengash o`z ishini an`anaga muvofiq, quvonchli xushxabar bilan boshladi. Universitet rektori B.Abdullayev Pedagogika fakultetining sportchi talabalariga, jumladan Sportning “Usmonov Kombat systems” turi bo`yicha o`tkazilgan O`zbekiston chempionati musobaqasining Nokdaun yo`nalishi sovrindori Yuldoshev Javlonbek, sportning suzish turi bo`yicha O`zbekiston chempionati sovrindori Shavkatov Jaloladdin, Komilov Umidjonlarga O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Diplomlarini topshirdi.
Shuningdek, Davlat test markazi tomonidan yoshlarning chet tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish va eng bilimlilarini munosib taqdirlash maqsadida o`tkazilgan “Chet tili bilimdonlari” tanlovida ishtirok etib, respublika bo`yicha 1-o`rinni egallagan Xorijiy filologiya fakulteti o`qituvchisi Jasurbek Nurmetovga DTM tomonidan taqdim etilgan Sertifikatni universitet rektori B.Abdullayev o`z egasiga topshirdi.
Shundan so`ng, Kengash majlisi kun tartibidagi masalalar yuzasidan o`z ishini davom qildirdi.