Bugungi kunda yurtimizda yoshlarning chuqur bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, o‘zlari tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi, iqtidorlarini keng namoyon qilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, keyingi yillarda oliy ta’lim tizimida o‘quv-tarbiyaviy ishlar yanada takomillashtirilib, ilg‘or fan-texnika yutuqlari, innovasion texnologiyalar, istiqbolli loyihalar keng tadbiq qilinmoqda. Urganch davlat universitetida 2021-yil 11-may kuni o`tkazilgan Matbuot anjumanida aynan shu haqida so`z bordi.
"Bugungi kunda ta`lim sohasidagi yangi islohotlar" mavzusidagi ushbu Matbuot anjumanida universitetning barcha prorektorlari o`z yo`nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar bo`yicha so`zga chiqdilar.
Jumladan, O`quv ishlari bo`yicha prorektor S.Xodjaniyozov, Yoshlar masalalari va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha prorektor S.Davletov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo`yicha prorektor Z.Ibragimov, Moliya va iqtisodiyot ishlari bo`yicha prorektor A.Atajonov, Xalqaro hamkorlik bo`yicha prorektor G`.O`razboyevlar universitetning o'tgan davr mobaynida erishgan yutuqlari, xalqaro aloqalari, rivojlanish istiqbollari, ma`naviy-ma`rifiy ishlarning borishi, ilmiy salohiyati, talabalar uchun universitetda yaratilgan shart-sharoitlar, imtiyozlar, talabalar turar joyi bilan ta`minlanganlik darajasi, moddiy-texnik baza imkoniyatlari, ta'lim-tarbiya masalalari, istiqboldagi reja va vazifalar, shuningdek, hozirgi kunda universitetda mavjud bakalavriat va magistratura bo`yicha yo`nalishlar, fakultetlar, qabul kvotalari va tahsil olayotgan talabalar sonining yil sayin oshib borayotgani, xorijning nufuzli universitetlari bilan professor-o`qituvchilar va talabalar almashinuvi kabi masalalar haqida atroflicha ma`lumot berdilar.

Matbuot anjumanida OAV xodimlari, blogerlar, viloyat hokimligi xuzuridagi Jamoatchilik kengashi a`zolari hamda talaba-yoshlar qatnashib, o`zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.
Anjuman ishi Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi tomonidan tasvirga olindi.