Joriy yilning 14-oktabr kuni Urganch davlat universitetida “Giyohvandlik – asr vabosi, undan yoshlarimizni asraylik!” mavzusida soha mutaxassislari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirni UrDU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Sanjar Davletov olib bordi. Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Matlyubov, Oʼzbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi xodimi F.Azgarov, Oʼzbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi xodimi Sh.Jurayev, Viloyat IIB xodimi M.Sherjanov, Respublika ixtisoslashtirilgan narkalogiya ilmiy markazi hududiy filiali vrachi D.Eshchanovlar so’zga chiqib, insoniyat oʼz aqli, mehnati, bilim va iqtidori bilan yangidan yangi choʼqqilarni zabt etayotganligi, ayni paytda dunyoda xalqlar, millatlar kelajagiga tahdid solayotgan xatarlardan biri — giyohvandlik illatining uchrashiga ham insoniyatning oʼzi sababchi boʼlayotgani gʼoyat achinarli hol ekanligini taʼkidladilar.
Birlashgan millatlar tashkilotining maʼlumotlariga koʼra, dunyoda 27 milliondan ortiq odam giyohvandlik dardiga yoʼliqqan. Uning aksariyat qismini 30 yoshgacha boʼlganlar tashkil etadi. Buning oqibatida har yili 200 mingdan ortiq kishi hayotdan koʼz yumadi. Eng achinarlisi, giyohvandlik ogʼir va oʼta ogʼir jinoyatlarning sodir etilishiga, oilalar va millat genofondining buzilishiga sabab boʼlayotganligin ta’kidlab talaba-yoshlarni sog‘lom turmush tarziga amal qilib yashashga, sport bilan doimiy shug‘illanishga chorlab qoldi. Ochiq muloqot davomida talaba-yoshlar oʼzlarining qiziqtirgan savollariga tegishli javoblar olishdi.
Mazkur muloqotda OAV vakillari ishtirok etdilar.