Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar yuzasidan tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi

10-noyabr kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni yanada samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan dekan o‘rinbosarlari, tegishli bo‘lim boshliqlari  hamda tyutorlar ishtirokida kengaytirilgan tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda universitet Birinchi prorektori D.Ibadullayev, rektor maslahatchisi A.Shakarov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Sh.Allaberganov, oliygoh profilaktika inspektori M.Bobojonovlar tomonidan bir qator muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi. 

Xususan, yoshlarni boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish borasida tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarning samaradorligi, universitetda “Odob-axloq kodeksi”ga rioya qilinishi masalalari, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi. 

Kuz-qish mavsumida talabalar yashayotgan ijara xonadonlari va talabalar turar joylarini muntazam ravishda nazorat qilib borish, ularning yashash sharoitlari, xavfsizligi va tartib-intizomi ustidan doimiy monitoring o‘rnatish bo‘yicha koʻrsatmalar berildi.

Yakunda barcha mas’ullarga yoshlar bilan ishlashda faollikni oshirish, ularga e’tibor bilan yondashish, har bir talaba taqdiri uchun mas’uliyat hissi bilan ishlash lozimligi haqida topshiriq va tavsiyalar berildi.