Bugun Urganch davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mamadaliyevich Mahmudovning “Zarif so‘z ziyorati” kitobi taqdimoti oʻtkazildi.
Unda respublikamizning taniqli tilshunos olimlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, UrDU rahbariyati, Filologiya fakulteti professor-oʻqituvchilari, magistrlar va talabalar ishtirok etdi.
Taqdimot kechasi Filologiya fakulteti dekani, f.f.d., Dilshodbek Gʻayipov moderatorligida boʻlib oʻtdi. “Tilshunoslikda yangilik izlab” mavzusidagi ilk maʼruzasi bilan f.f.d., professor Zarifboy Do‘simov boshlab berdi. Shuningdek, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, f.f.d., professor Ma’rufjon Yo‘ldoshev “O‘zbek tilshunoslari sardori”, f.f.d., prof.v.b. Abdulla O‘razboyev “Til bilan tillashgan olim”, Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyati axborot-kutubxona markazi yetakchi mutaxassisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shuhrat Matkarimov “Tilimiz xazina, asraylik”, Filologiya fakulteti “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi mudiri, f.f.n., dotsent Azamat Primov “Teran tafakkurli tilshunos”, f.f.d., dotsent Doniyor Yuldashev “Sarlavhalarga yashiringan badiiyat” singari mavzularda maʼruza qilib, ustoz Nizomiddin Mahmudovning hayot yoʼli, tilshunoslik sohasiga qoʼshgan ulkan hissalari, “Zarif so‘z ziyorati” kitobi mazmun-mohiyati, asarda berilgan hikmatli soʼzlar orqali tilimizning boy imkoniyatlari yuksak mahorat bilan ochib berganiligi borasida fikr yuritdilar.
Maʼruzalar yakunida kitobi muallifi ustoz Nizomiddin Mahmudov yakunlovchi so‘zida oʼzining chuqur mamnuniyatini izhor etib, talabalarni til ilmini puxta egallash va oʻzbek tilining sofligini saqlashda doimo izlanishda boʻlishga chorladi.
Kitob taqdimotining ma'ruzalar qismidan so'ng, Filologiya fakulteti talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlarga navbat berildi. Talabalar tomonidan ustoz, kitob, ilm, til haqida aytilgan she'rlar, Kaykovusning "Qobusnoma" asari asosida tayyorlangan sahna ko'rinishi, "Zarif so'z ziyorati" kitobida keltirilgan hikmatli so'zlardan namunalar va fakultetning ijodkor talabalari tomonidan olim Nizomiddin Mahmudovga bag'ishlab yozilgan she'rlar, kuy-qo'shiq hamda go'zal raqslar tomoshabinlarga manzur bo'ldi.
Badiiy qism yakunida UrDU rektori B.Abdullayev so'zga chiqib, olimlarga tashrif uchun o'z minnatdorligini bildirdi hamda tashakkurnoma va esdalik sovg'alar topshirdi.