Oliygohda “Giyohvandlik – kelajak kushandasi” mavzusida profilaktik tadbir o’tkazildi

Bugun, 5-fevral kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish” oyligi doirasida “Giyohvandlik – kelajak kushandasi” mavzusida profilaktik uchrashuv tashkil etildi. 

Unda O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Giyohvandlik va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi, Jinoyat-qidiruv xizmati boshlig’i, polkovnik A.Matlubov, boshqarma xodimlari, podpolkovnik F.Rajabov va P.Azimbekov hamda Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat-qidiruv bo’limi boshliq o’rinbosari, mayor M.Serdjanovlar ishtirok etishdi. 

Uchrashuv davomida yoshlarning ma’naviy-axloqiy holatiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi huquqbuzarlik, giyohvandlik, axloqsizlik kabi muammolarni bartaraf etishning samarali yo’llari, bu borada yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, narkotik moddalar, ularning salbiy ta’siri natijasida turli a’zolarning shikastlanishi, hayot uchun muhim funksional tizimlarning izdan chiqishi hamda yoshlar ruhiyati va ongiga ta’siri haqida batafsil ma’lumotlar berishdi.

Tadbir yakunida mavzuga oid videofilm namoyish etildi.