Joriy yil 29-sentabr kuni 1-oktabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Urganch davlat universitetida professor-o‘qituvchilar uchun konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Konsert dasturini UrDU rektori Baxrom Abdullayev tabrik so‘zi bilan ochib berib, yurtimizda ta’lim sohasiga bo‘lgan e’tibor xususida to‘xtalib, ushbu sharafli kasb egalarining kelgusi ishlarida zafarlar tiladi.
Tadbir avvalida, ta’lim sohasida samarali mehnat qilib, talaba-yoshlarning zamon talablari asosida ilm-hunar egallashi yo'lida, ularni yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi fidoiyligi, kelajak avlodga ibrat maktabi bo‘luvchi shijoati uchun universitetning bir guruh professor-o‘qituvchilari UrDU rektorining Tashakkurnomasi hamda Kasaba uyushma qo‘mitasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Shundan so‘ng, badiiy chiqishlarga navbat berilib, talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan turli kuy-qo‘shiqlar va raqslar ijrosi, ustozlarga bag`ishlov she`rlar namoyish etilib, barchaga bayramona kayfiyat ulashildi.





