Talaba-yoshlarni ezgu maqsadlarga ilhomlashtirish, adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish, ajdodlar merosini oʻrganish, buyuk madaniyatimizga munosib buyuk adabiyot yaratish koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan “Maʼrifat maydoni” respublika koʻrik-tanlovining mintaqaviy bosqichi bugun, 2021-yil 17-noyabr sanasida Urganch davlat universitetida boʻlib oʻtdi.
Koʻrik-tanlovning mintaqaviy bosqichida hududiy bosqichida saralab olingan 3 ta OTM : Urganch davlat universitetining “Xorazmiylar” jamoasi, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining “Poeziya” jamoasi hamda Buxoro davlat tibbiyot institutining “Avitsenna” jamoalari oʻzaro badiiy maydonda kuch sinashdilar.
Jamoalar 3 shart davomida poytaxtimizning Milliy bogʻida joylashgan “Adiblar hiyoboni”dan joy olgan adabiyotimizning yetuk namoyondalarining hayoti va ijodiy faoliyatlari haqidagi oʻz bilimlarini turli chiqishlar, sahna koʻrinishlari-yu sheʼrlar orqali yigʻilganlarga koʻrik-tanlov mohiyatini yetkazib bera oladilar.
Talabalardagi shijoat, adabiyotimizga boʻlgan qiziqish hamda bayramona joʻshqinlik sahnada ijro etilgan har bir koʻrinishda oʻz aksini topdi.
Oʻzaro sogʻlom raqobat ruhida boʻlib oʻtgan mazkur koʻrik-tanlovda 1-oʻrin Urganch davlat universitetining “Xorazmiylar” jamoasiga, 2-oʻrin Buxoro davlat tibbiyot institutining “Avitsenna” jamoasiga , 3-oʻrin esa Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining “Poeziya” jamoasiga nasib etdi.



