2022-yil 11-yanvar kuni UrDU rektori Baxrom Abdullayev Pedagogika fakultetining dekani J.Yormetov boshchiligidagi barcha professor-oʻqituvchilar bilan uchrashdi.
Rektor uchrashuv avvalida davlatimiz rahbarining oliy taʼlim tizimiga oid 2 ta muhim qarorlarining mazmun-mohiyatiga toʻxtalib, qarorda belgilangan 35 ta OTMlar orasida Urganch davlat universitetining ham borligini mamnuniyat ila eʼtirof etdi. Shu bilan birga, Prezidentimizning bu ishonchi oʻz navbatida jamoa zimmasiga katta masʼuliyat yuklashini chuqur anglashga chaqirdi.
Shuningdek, hozirda Hemis dasturida ishlash hamda Kredit-modul tizimida dars jarayonlarini tashkil etish boʻyicha pedagog-xodimlar uchun tashkil etilgan oʻquv mashgʻulotlarda faol ishtirok etishlarini, har bir professor-oʻqituvchi bularni mukammal bilishi lozimligini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida Pedagogika fakultetining har bir kafedrasi ilmiy salohiyati, eski yilda qilingan himoyalar soni va kafedra aʼzolari tomonidan nashr etilgan darslik, oʻquv qoʻllanma, monografiya va ilmiy maqolalar muhokama etilib, ilmiy salohiyatni oshirishda faollikka chaqirdi.
Barcha pedagog-xodimlar chet tili boʻyicha malakasini oshirishlari lozimligi taʼkidlandi.
Rektor nutqi davomida “Eng yaxshi tarbiya – namuna boʻlish”, - deya A.Eynshteyn iborasini keltirar ekan, professor-oʻqituvchilarga dars sifatiga juda qattiq eʼtiborli boʻlishlarini, har bir pedagog-kadr oʻz ustida muntazam ishlashi lozimligini va kiyinish madaniyatiga rioya qilish zarurligini uqtirdi.
Uchrashuv yakunida fakultet jamoasi oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Maʼlumot oʼrnida: Hozirda Pedagogika fakultetida 3 ta kafedra va ularda jami 104 nafar professor-oʼqituvchilar faoliyat yuritmoqda.

.jpg)
