2022-yil 9-iyuldan 15-iyul sanasigacha Portugaliyaning Braganza politexnika instituti professori Tiago Manuel Cabral dos Santos Barbosa va Professor Luis S.Paislar Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida Urganch davlat universitetida boʻldilar.
Loyiha doirasida mehmonlar universitetimizning Jismoniy madaniyat, Kimyoviy texnologiya va Bioinjeneriya va oziq-ovqat xavfsizligi fakultetlari yosh tadqiqotchi o’qituvchilari, magistr va doktorantlari bilan uchrashdilar.
O’tkazilgan seminar-treninglar, master klasslar davomida qo’shma bakalavr, magistratura va doktorantura haqida ma’lumotlar taqdim qilindi. Braganza politexnika institutida talabalar uchun ikki tomonlama diplomga ega bo’lish dasturi (Double Degree) imkoniyatlari tushuntirildi.
Shuningdek, 2022-2023 o‘quv yili uchun xohlovchi nomzodlarga hujjatlar topshirishning yakuniy muddatlari bahorgi semestr uchun 2022-yil 15-aprel va qishki semestr uchun 2022-yil 15-oktabr belgilanganligi ko’rsatib o’tildi.
Tajriba almashuvga kelgan chet ellik olimlar ketish oldidan Urganch davlat universiteti rektori Baxrom Abdullayev bilan uchrashdilar, doʻstona munosabat, qulay sharoit va mehmondorchilik uchun minnatdorchilik bildirib, ikki universitet oʻrtasida tuzilgan kelishuvlar har ikki tomon uchun ham yanada foydali boʼlishi uchun bu kabi tajriba almashinuvlar kelajakda oʼz natijasini berishidan umidvor ekanliklarini bildirdilar.
Oʻz navbatida, rektor B.Abdullayev ham tashrif uchun jamoa nomidan mamnuniyatini izhor etib, universitetning esdalik sovgʻalarini taqdim qildi.