Zamonaviy matematikaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan birinchi Al-Xorazmiy xalqaro konferensiyasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

Urganch davlat universitetida 2022-yil 25-28-iyul kunlari  oʻtkazilishi rejalashtirilgan zamonaviy matematikaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan birinchi al-Xorazmiy xalqaro konferensiyasining ochilish marosimi bugun, 25-iyul kuni universitet Madaniyat saroyida boʻlib oʻtdi.

Ushbu konferensiya dunyo tan olgan matematik vatandoshimiz akademik Azimbay Sa'dullayev tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlanganligi bilan ahamiyatlidir.

Unda  40 nafarga yaqin xorijiy oliy taʼlim muassasalarining ilmiy markazlaridan tashrif buyurgan olimlar, 100 nafardan ortiq respublikamizning taniqli matematik olimlari bevosita ishtirok etdi,  bir qator xorijiy va respublika olimlari esa zoom dasturi orqali qatnashdilar. 

Ochilish marosimiga UrDU rektori  Baxrom Abdullayev moderatorlik qildi.

Anjumanning ochilish marosimida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov onlayn ishtirok etib, oʻzining tabrik nutqini yoʻlladi. Avvalo, yurtimizdagi jadal islohotlarga toʻxtalar ekan, ularning ichida taʼlimga boʻlgan eʼtibor barchasidan yuksak ekanligini eʼtirof etdi. Xususan, soʻnggi 5 yil ichida oliy taʼlim muassasalari soni 2,5 barobar, talabalar soni esa 3 barobar ortganini taʼkidlab, albatta, bularning barchasi oliygohlarni tadqiqotlar universitetiga aylantirish zaruratini paydo qilganini qayd etdi. Respublikamizdagi matematika institutlari haqida gapirar ekan,  mazkur konferensiya aynan Xorazm diyorida oʻtkazilayotganiga toʻxtaldi va buyuk ajdodimiz al-Xorazmiy merosini, faoliyatini davom ettirish lozimligini bayon etdi. 

Vazir soʻzi davomida Urganch davlat universitetining bugungi kundagi faoliyatini  eʼtirof etar ekan, Xorazmda oʻziga xos matematika maktabini yarata olgan olim, oʻzining uzoq yillik mehnatlari mobaynida universitetning rivoji uchun munosib hissa qoʻshgan akademik Azimboy Saʼdullayevning 75 yillik yubileyi bilan qizgʻin muborakbod etdi. Shu asnoda, Urganch davlat universitetidagi jadal oʻzgarishlar va rivojlanishlarni mamnuniyat ila tilga olib, rektor Baxrom Abdullayev faoliyatiga toʻxtaldi. 

Soʻzi yakunida anjumanga xalqaro maqomini berib turgan barcha: AQSH, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Isroil, BAA, Polsha, Chexiya, Yaponiya singari davlatlardan ishtirok etayotgan olimlarga, qolaversa, respublikamizning taniqli akademiklariga oʻz minnatdorchiligini bildirdi, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilab, konferensiya ishini ochiq deb eʻlon qildi va soʻzini  “Olim bor -olam bor”, - deya maʼnoli jumlalar bilan yakunladi. 

Shundan soʻng,  Xorazm viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Bekzod Abdirimov viloyat hokimining tabrigini oʻqib eshittirdi. 
Shuningdek, anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston matematika jamiyati raisi  Abdulla A’zamov hamda ZOOM platformasi orqali  Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori, akademik, O‘zbekiston qahramoni Shavkat Ayupovlarning tabrik soʻzlari tinglandi. 

Maʼlumot oʻrnida, ayni damda anjumanda ishtirok etayotgan Kaliforniya universiteti akademigi, dunyoga mashhur ayol matematik olima Svetlana Jitomirskaya universitetda bir hafta davomida Amerikalik va Oʻzbekistonlik doktorant va talabalarga maʼruza oʻqishi rejalashtirilgan.

Ilmiy-ommabop ma’ruzalar va yalpi majlislar bo'lishi kutilayotgan anjuman ishi davom etadi.

urdu.uz, Zamonaviy matematikaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan birinchi Al-Xorazmiy xalqaro konferensiyasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

urdu.uz, Zamonaviy matematikaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan birinchi Al-Xorazmiy xalqaro konferensiyasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

urdu.uz, Zamonaviy matematikaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan birinchi Al-Xorazmiy xalqaro konferensiyasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

urdu.uz, Zamonaviy matematikaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan birinchi Al-Xorazmiy xalqaro konferensiyasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

urdu.uz, Zamonaviy matematikaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan birinchi Al-Xorazmiy xalqaro konferensiyasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi