Xabaringiz bor, Urganch davlat universitetida 2022/2023-oʻquv yili qabuli uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida 1-avgust sanasidan boshlab kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkazilmoqda. Natijalar esa shu kunning oʻzida eʼlon qilinmoqda: univeristetning veb saytiga (https://urdu.uz/uz/site/active?id=199), rasmiy ijtimoiy tarmoqlariga (https://t.me/URDU_PRESSA/19538) joylanmoqda hamda universitet hududiga kiraverishga ilib qoʻyilmoqda.
Joriy yil 7-avgust sanasi soat 16.00 da Sport faoliyati (xotin-qizlar sporti yoʻnalishi boʻyicha, kunduzgi) yoʻnalishining 4-guruhida kasbiy (ijodiy) imtihon topshirgan abituriyentlarning imtihon natijalari ham 08-08-2022 00:50 da universitet veb saytiga joylandi, shuningdek, universitet hududiga kiraverishga ilib qoʻyildi.
Bugun, 9-avgust kuni universitet veb saytida olib borilgan texnik tuzatish ishlari sababli, qolaversa, saytning imtihon natijalari joylanayotgan sahifasidagi maʼlumotlar belgilangan meʼyordan ortib ketganligi sababli Sport faoliyati (xotin-qizlar sporti yoʻnalishi boʻyicha, kunduzgi) yoʻnalishining 4-guruhida kasbiy (ijodiy) imtihon topshirgan abituriyentlarning imtihon natijalari koʻrinmay qolgan.
Ayni damda mazkur holat yuzasidan universitet Raqamli taʼlim texnologiyalari markazi xodimlari tomonidan tuzatish ishlari olib borildi va barcha nosozliklar bartaraf etildi.
UrDU Qabul komissiyasi yuzaga kelgan ushbu texnik nosozlik uchun barcha abituriyentlar va ularning ota-onalaridan uzr soʻraydi!