Taʼlim va madaniyat orqali Oʻzbekiston va Malayziya aloqalarini mustahkamlash yoʻlida

Bugun Malayziyaning Menejment va fan universiteti asoschisi hamda prezidenti Moxd Shukri boshchiligidagi delegatsiya Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Urganch davlat universitetida boʻldi.

Ma’lumot uchun:  Malayziya Menejment va fan universiteti  2001-yilda tashkil etilgan.  “QS Rankings-2023” jahon reytingida 601-oʻrinni, Osiyo oliygohlari orasida esa 147-oʻrinni egallaydi. Malayziyaning yetakchi xususiy universitetlaridan biri hisoblanadi.  Universitet qoshida “MSU Medical Centre ” koʻp tarmoqli tibbiyot markazi  hamda “MSU Pharma ” farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va qadoqlash kompaniyasi faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, oliygohda  halol sanoati boʻyicha taqdimot markazi (MSU International Centre for Halal Studies) mavjud.

Moxd Shukri boshchiligidagi delegatsiyani UrDU rektori Baxrom Abdullayev,  Xorazm viloyati hokimligi kotibiyat mudiri B.Abdirimov hamda universitet rahbariyati  mamnuniyat ila kutib oldi.

Doʻstona ruhdagi uchrashuv avvalida tomonlar har ikkila universitet imkoniyatlari va sharoitlari haqida oʻzaro maʼlumot almashdilar. Suhbat chogʻida Moxd Shukri mazkur tashrifning maqsadini bayon etdi:  Taʼlim va madaniyat orqali Oʻzbekiston va Malayziya aloqalarini yanada mustahkamlash, jumladan, qoʻshma ta’lim va tadqiqot dasturlarini amalga oshirish, malakali malayziyalik ekspertlarni va talabalarni universitetga jalb qilish.

Shundan soʻng, universitet maʼnaviyat va maʼrifat xonasida delegatsiya aʼzolari, Xorazm viloyati hokimligi vakillari, Urganch davlat universiteti rahbariyati hamda Iqtisodiyot, Texnika, Xorijiy filologiya, Kimyoviy texnologiya, Fizika-matematika fakulteti professor-oʻqituvchilari ishtirokida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv davomida delegatsiya aʼzolari tomonidan  Malayziyaning Menejment va fan universiteti  hamda Urganch davlat universiteti oʻrtasida 2+2 shaklda qoʻshma ta’lim dasturlarini tashkil etish, amaliyot dasturlari, talabalar almashinuvi, professor- oʻqituvchilar malakasini rivojlantirish dasturlarini yoʻlga qoʻyish takliflari bildirildi. 

Shuningdek, ikki universitetning  olimlari tomonidan qoʻshma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish masalalari muhokama qilindi.