Avval xabar berganimizdek, UrDU rektorining Turkiya Respublikasining Izmir shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ta’lim forumidagi ishtiroki doirasida Urganch davlat universiteti hamda Turkiyaning Ege universiteti bilan bir qator hamkorlik shartnomalari imzolangan. Taʼkidlash joizki, Ege universiteti Turkiyaning to‘rtinchi, mintaqadagi birinchi va eng nufuzli universitetlaridan biridir, unda 60 mingdan ortiq talabalar tahsil oladi.
Bugun, 2022-yil 14-sentabr kuni mazkur hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda ikki nufuzli universitetning fakultetlari oʻrtasida ham oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Ege universitetning Turk dunyosi tadqiqotlari instituti “Turk tili va lahjalari” yoʻnalishi dotsenti, filologiya fanlari doktori Ibrohim Shahin Urganch davlat universitetida boʻlib, rektor Baxrom Abdullayev bilan uchrashdi. Uchrashuvda Filologiya fakulteti dekani D. Gʻayipov, “Tarix” kafedrasi mudiri Oʻ.Abdullayevlar ishtirok etdi.
Muloqot chogʻida, ikki taʼlim muassasalari oʻrtasidagi akademik va madaniy aloqalarni rivojlantirish, yo‘nalishlar va fanlar bo‘yicha ta’lim va tadqiqot faoliyatini olib borish, professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari va talabalar almashinuvini rag‘batlantirish, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar tomonidan hamkorlikda olib borilayotgan tadqiqotlarni va tadqiqot natijalarini birgalikda Scopus bazasida nashr etishni yoʻlga qoʻyish, Folklor, Turkiy xalqlar adabiyoti, Tarix fanlari boʻyicha mutaxassislarni jalb qilish kabi masalalar muhokama qilinib, kelishib olindi.
Doktor Ibrohim Shahinning universitetga tashrifi doirasida Filologiya va Tarix fakultetlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi.