O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan 2022-yil 19-26-noyabr kunlari Yaponiyaning Xokkaydo universiteti professori O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Professor Uyama Tomohiko yurtimizga tashrifi doirasida bugun, 23-noyabr kuni Urganch davlat universitetida boʻldi. Universitetga tashrifining avvalida rektor Baxrom Abdullayev hamda prorektorlar bilan, keyin esa rahbariyat boshchiligida universitetning fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar va doktorantlar bilan uchrashdi.
▪️ Uchrashuvda professor Uyama Tomohiko Xokkaydo universiteti tarixi, ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy markazlari va xalqaro hamkorlik faoliyati to‘g‘risida gapirar ekan, universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
▫️ Oʻz oʻrnida Urganch davlat universiteti tomonidan ham ikki universitet o‘rtasida hamkorlikni yo’lga qo’yish, xalqaro loyihalarda ishtirok etish, Yaponiya OTMlarida magistratura va doktorantura dasturlariga qabullari to‘g‘risida suhbat olib borilib, bu borada shartnoma imzolash bo’yicha takliflar berildi. Rasmiy muloqotda universitetlar o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohasida hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Maʼlumot oʻrnida, Xokkaydo universiteti Yaponiyadagi eng yaxshi universitetlardan biri hisoblanadi va u “The Japan University Rankings” reytingida 5-oʻrinni egallaydi.