Bugun, 7-yanvar kuni uzoq yillar Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimlarida samarali faoliyat olib borgan telejurnalist, yozuvchi, tarjimon Nur Ahmad Urganch davlat universitetida boʻlib, rektor Baxrom Abdullayev bilan uchrashdi.
Jaloladdin Manguberdi. Umrboqiylikka dahldor ulugʻ siymoning jahon miqyosida tutgan oʻrni beqiyos. Taniqli Gruzin adibi Grigol Abashidzening yozuvchi Vladimir Solouxin tomonidan rus tiliga oʻgirilgan “Dolgaya noch” nomli kitobi Sulton Jaloliddin Manguberdining Gurjistonga qilgan yurishi haqida yozilgan badiiy-tarixiy romandir. Endilikda ushbu romanni har bir kitobxon oʻzbek tilida mutolaa qilish imkoniga ega boʻldi. Ustoz ijodkor, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Nur Ahmad tomonidan “Taqdir charxpalagi” nomi bilan oʻzbek tiliga tarjima qilingan mazkur asar chindan ham, oʻzbek kitobxonlari uchun munosib tuhfa boʻldi.
Uchrashuvda mazkur asarning mazmun-mohiyati xususida ijodiy suhbat boʻldi. Nur Ahmad tarjimon sifatida ushbu asar toʻgʻrisidagi oʻz mushohadalarini bayon etdi.
Roman Gurjistonning qonli oʻtmishidan hikoya qiluvchi mashhur trilogiyasining bir qismidir. Bu asar Gurjiston tarixidagi eng fojiali davrni – Chingizxon bilan savashlarda goh yengib, goho yengilib, bobolarining buyuk saltanatini qayta tiklamoq orzusida yongan Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdining gurji yerlarini bosib olishi tarixidan hikoya qiladi.
Uchrashuvda ulugʻ bobokalonimiz Jaloliddin Manguberdining sharafli umr yoʻllaridan soʻzlovchi ushbu asar koʻp ming nusxada chop qilinib, universitet talaba-yoshlari uchun taqdim etilishi va har bir yosh avlod tariximizni va buyuk qahramonimizni chuqur anglashlari lozimligi taʼkidlandi. Romanning taqdimot kechasini oʻtkazishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida Nur Ahmad “Taqdir charxpalagi” tarjima asarini, shuningdek, hayot sinovlarini mardonavor yengib oʻtgan insonlar qiyofasi aks ettirilgan, vatanga cheksiz muhabbat, ota-onaga hurmat, doʻst-birodarlarga sadoqat tuygʻulari ulugʻlangan hamda umr yoʻli davomida koʻrgan-bilganlarini, bevosita guvohi boʻlganlari tasvirlangan “Oyning oʻn beshi...” yodnoma asarini rektor B.Abdullayevga sovgʻa qildi.