Hindiston Respublikasining Toshkentdagi elchixonasidan ikkinchi kotib janob Srinivasan Mani hamda Hindiston madaniyati oʻqituvchisi (yoga oʻqituvchisi) Sudha xonimlar “Xalqaro yoga kuni” munosabati bilan 16-iyun kuni Urganch va Xiva shahrida tashkil etilayotgan tadbirlarda ishtirok etish maqsadida viloyatimizga tashriflari doirasida bugun Urganch davlat universitetida boʻldilar.
Mehmonlarni UrDU Oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, prof. S.Xodjaniyozov hamda “Ingliz tili va adabiyoti” kafedrasi mudiri, prof. J.Ermetovalar extirom bilan kutib olgach, tomonlarning rasmiy muloqoti boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi madaniy va gumanitar aloqalar, oʻzaro doʻstlik rishtalari haqida iliq fikrlar bildirildi. 2015-yildan beri anʼanaviy oʻtkazilib kelinayotgan “Xalqaro yoga kuni” tadbirlari bu doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi. Mehmonlar hamkorlikdagi “India study room” loyihasi va Hindistonda taʼlim olishni xohlaganlar uchun “ITEC” grant loyihalarini yanada kengaytirish va rivojlantirish borasida takliflarini bildirdilar.
Muloqot yakunida mehmonlarga professor O.Jumaniyozov va shogirdi D.Jumaniyozovalar tomonidan qadimgi hind tili - sanskrit tili haqida yozilgan "Bobotil" nomli kitobining ilk nusxasi taqdim qilindi.
Shundan soʻng, Jismoniy madaniyat fakulteti sport zalida Yoga mashgʻulotlarini olib bordilar.