Urganch davlat universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zafarbek Ibragimov 2023-yil 13-15 iyun kunlari Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti prezidenti, professor Saburi Xaruoning taklifiga binoan, mazkur kun chiqar mamlakatda xizmat safarida boʻldi.
Tashrif doirasida ushbu universitet prezidenti, professor Saburi Xaruo boshchiligidagi universitet rahbariyati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Urganch davlat universiteti va Nagoya iqtisodiyot universiteti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, talabalar uchun virtual mobillik tashkil etish, professor-o‘qituvchilar uchun vebinar tashkil qilish va O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikda loyiha amalga oshirish kabi masalalar muhokama qilinib, ikki universitet o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolashga kelishildi.
Shuningdek, ISHIMURA Educational Institutions klasteri (Nagoya iqtisodiyot universiteti shu klasterga tegishli) boshlig‘i, kuzatuv kengashi raisi janob Xitoshi Sueoka bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Yaponiyada ta’lim klasteri qanday tashkil etilishi, rivojlantirilishi va boshqarilishi to‘g‘risida yapon tajribasi almashildi.
Prorektor Zafarbek Ibragimov Nagoya iqtisodiyot universitetida talabalarga yaratilgan sharoitlar, shuningdek, universitet bo‘limlari, kutubxonasi va boshqaruv tizimlari bilan yaqindan tanishdi. Universitetda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar va professor-o‘qituvchilar bilan uchrashib, suhbatlashdi.
Safar davomida Nagoya shahrida turizm qanday rivojlantirilganini guvohi bo‘lish va qishloqlarda turizmni tashkil etilganligi bilan tanishish maqsadida ayrim turizm obyektlarida bo‘ldi.