Bugun Urganch davlat universitetida “11-oktabr - Xalqaro qizlar kuni" munosabati bilan "Sening tashabbusing - sening kelajaging uchun" shiori ostidagi forumning ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda Xorazm viloyati hokimining oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi N.Qutlimurotova hamda viloyatimizning bir guruh faol ayollari, universitet rahbariyati, faxriy professor-o’qituvchilar hamda talaba-qizlar ishtirok etishdi.
Tantanali ochilish marosimini Urganch davlat universiteti rektori B.Abdullayev ochib berib, bugungi kunda yurtimizda ayollarga qaratilgan e’tibor, ularning ilm-fan sohalarida erishayotgan yutuqlarini e’tirof etdi. Shuningdek, talaba-qizlarga yanada ko’proq ilm olib, izlanishlarda davom etishga chaqirdi. Xorazm viloyati hokimining oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi N. Qutlimurotova tomonidan olima ayollarga qaratilayotgan e’tibor, shu jumladan, viloyatda bu borada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida fikr yuritildi. Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati boʻlimi rahbari, shoira G.Ibodullayeva mehmon bo’lib, yurtimiz ayollarining yuksak ma’naviyati barchaga o’rnak bo’la olishi haqida so’z yuritdi. Tadbirda so’zga chiqqan universitet faxriy ustozlari “11-oktabr – Xalqaro qizlar kuni" bilan barcha qizlarni samimiy tabriklashdi.
Talaba-qizlarimiz tomonidan tashkil etilgan she’riy chiqishlar va kuy-qo’shiqlar barchaga birdek manzur bo’ldi.