Bugun, 10-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yuqori Kengashi raisi matbuot kotibi Azamat Ajimuratov boshchiligidagi bir guruh qoraqalpogʻistonlik jurnalist va blogerlardan iborat delegatsiya Urganch davlat universitetida qo‘shimcha kvota asosida o‘qiyotgan talabalarga yaratilgan sharoitlarni o‘rganish maqsadida oliygohga tashrif buyurdi.
Qoraqalpog‘iston OAV vakillarini universitet rahbariyati iliq qarshi oldi hamda ular uchun Urganch davlat universiteti boʻylab press-tur tashkil etildi.
Bugungi kunda Urganch davlat universitetida uch ming nafardan ziyod qoraqalpogʻistonlik talabalar kunduzgi va sirtqi taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olib kelmoqda. Xususan, 2024-2025-oʻquv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga jami 1 147 nafar abituriyent, ulardan 815 nafari kunduzgi, 332 nafari sirtqi taʼlim yoʻnalishlariga qo‘shimcha qabul kvotalari asosida oʻqishga qabul qilindi.
Qoraqalpog‘istonlik OAV vakillari mazkur talabalarning holidan xabar olish, kayfiyatini oʻrganish, ular uchun oliygohda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish hamda ularni aholiga yetkazish maqsadida bugun Urganch davlat universiteti bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, oʻquv binolari va laboratoriyalar, Registrator ofis faoliyati, sport kompleksi va talabalar turar joylari, kutubxonalarni koʻzdan kechirishdi. Shuningdek, dars jarayonlarida ishtirok etib, qoraqalpog‘istonlik talabalar bilan muloqot olib borishdi.