Xabaringiz bor, 22-yanvar kuni Prezidentimiz oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishib, 2025-yil tizimda amalga oshiriladigan ishlarni belgilab bergan edilar. Mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan ayni kunlarda vazirlikning ishchi guruhi Xorazm viloyatidagi oliy taʼlim muassasalarida oʻrganish ishlarini olib bormoqda.
25-yanvar kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, Ishchi guruh rahbari Qo‘ng‘irotboy Sharipov Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida hududdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda ishchi guruh a’zolari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan topshiriqlarni hududdagi har bir oliygohning dekanatlari hamda kafedralarigacha yetib borishiga eʼtibor qaratildi.
Vazir har bir oliy ta’lim muassasasi oʻz rivojlanish dasturini ishlab chiqishi lozimligi, shuningdek, o‘quv jarayonini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqot ishlari natijasini amaliyotga joriy etish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishga jiddiy yondashish, yoshlarda tarbiyaviy ishlar tizimini takomillashtirish, jinoyatchilikka moyil yoshlar bilan manzilli shugʻullanish, muhandislik, injenerlik hamda sunʼiy intellekt sohalarini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda moddiy-texnik ta’minot boʻyicha takliflar ishlab chiqishni topshirdi.
O‘rganish ishlarini olib borayotgan Respublika ishchi guruhining axborotini tingladi hamda tegishli topshiriqlar berdi.
Yigʻilish yakunida hududdagi oliygohlar rektorlariga har bir OTM da milliy va estrada cholgʻu ansamblini tashkil etish, “Talabalar bahori” festivalini tiklash, universitetlarda maʼnaviyatni havas qiladigan darajaga olib chiqish yuzasidan qoʻshimcha tavsiyalar berildi.