Professor Tangribergan Do‘stjonovning 75 yiligiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi

Tashabbuskor, fidoyi, zabardast olim va ustozlar har doim el-yurt hamda shogirdlar ardog’idadir. Ustoz Tangribergan Do‘stjonov ham ana shunday el-yurt nazariga tushgan yuksak madaniyat sohibi bo’lib, ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo’shgan va faoliyati davomida ko’plab yoshlarga o’z bilim va tajribalarini ulashib kelayotgan, universitetda iqtisodiyot sohasida ajoyib maktab yarata olgan serqirra olimdir.

Bugun, 30-yanvar kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Madaniyat saroyida oliygoh professori, i.f.d. Tangribergan Do‘stjonov tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlab "Iqtisodiy-ijtimoiy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashda innovatsion va ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari" mavzusida ilmiy-amaliy anjuman hamda yubiley tadbiri o’tkazildi. Ta’kidlash joizki, anjumanda nafaqat Respublika, balki xorijlik iqtisodchi olimlar, Xorazm viloyati hokimligi vakillari, Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, oliygoh rahbariyati, professor-oʻqituvchilari, Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakulteti jamoasi, talaba-yoshlari,  T.Do‘stjonovning yaqinlari va shogirdlari, oila-aʼzolari ishtirok etishdi.

Tadbirni UrDU rektori v.v.b S.Xodjaniyozov kirish so’z bilan ochib berib, ustozning uzoq yillik ilmiy- pedagogik faoliyati haqida to’xtalib o’tdi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining faxriy yorlig’ini topshirdi.  Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari, prof. S.Salayev ishtirok etib, viloyat hokimining tabrik so’zini o’qib eshittirdi.

Tadbirda so’zga chiqqanlar ustozning umr yo’li, mehnat faoliyati, soha rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi, insoniy fazilatlari haqida so’zlab, o’zining samimiy tilaklarini izhor etishdi. 

Biz professor T.Do‘stjonovni tavalludining qutlug’  75 yilligi va ilmiy-pedagogik faoliyatining 55 yilligi bilan samimiy tabriklaymiz. Ustozga uzoq umr, sog’lik-salomatlik, farzandlari va shogirdlarining baxt-u saodatiga tayanib yashashni tilaymiz. Ilm-fanimiz va ta’lim tizimining yana-da yuksalishida ustozning bilim va tajribalari samarasi shogirdlar yutuq va muvaffaqiyatlarida bo'y ko'rsatishiga ishonamiz.