Bugun, 20-fevral kuni Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari San‘atbek Salayev Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida bo‘lib, bir guruh talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan alohida e’tibor, ularning ilm olishi va kasb-hunar egallashi uchun yaratilgan sharoitlar xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, Urganch davlat universiteti talabalari uchun ta’lim sifatini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtanildi. Ayniqsa, milliy-ma’naviy qadriyatlarni keng targ‘ib etish borasida universitet yoshlarining faolligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv chog‘ida yoshlar orasida ijtimoiy faolligi va tashabbuskorligi bilan ajralib turgan bir guruh talabalar rag‘batlantirildi. Jumladan, “Qalqon” guruhi a’zosi sifatida faollik va jonkuyarlik ko‘rsatgani uchun Urganch davlat universiteti Geografiya yo‘nalishi 2-kurs talabasi Sevinchoy Sultonova viloyat hokimi tomonidan 3-kurs uchun bir yillik shartnoma puli (7400000)sertifikati hamda noutbuk bilan taqdirlandi. Shuningdek, universitetda va viloyat miqyosida o‘tkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlardagi faolligi uchun Rus tili taʼlim yo‘nalishi talabasi Maftuna Yo‘ldoshevaga ham noutbuk sovg‘a qilindi hamda tashabbuskorligi yuqori baholandi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, S.Salayev viloyat hokimligi tomonidan talabalarning shaxsiy rivojlanishi yo‘lida ko‘proq sharoit yaratib berilishi haqida ta’kidladi.
Mazkur uchrashuv yoshlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish, ularni yanada rag‘batlantirish hamda kelajak avlodni yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shuvchi yetuk kadrlar sifatida shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.