Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida 5-Xalqaro CLIL seminar-trening boʻlib oʻtmoqda

Bugungi kunda mamlakatimizda chet tillarni oʻrganishni takomillashtirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda, ayniqsa, yosh avlod vakillari orasida chet tillarini oʻrganishlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Urganch davlat universitetida ham yosh kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shu amaliy ishlarning uzviy davomi sifatida universitetda Silk Road Research Academy hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti hamkorligida 5-Xalqaro CLIL seminar-trening boʻlib oʻtmoqda. Mazkur seminar  “5th International Content and Language Integrated Learning (CLIL)” – Kontent va til boʻyicha integratsiyalashgan ta’lim) mavzusiga bagʻishlandi.

Mazkur tadbirni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad - oliy taʼlim sohasida xorijiy tillarni o'qitish tizimini yanada takomillashtirish hamda uni keng targ'ib qilishdan iborat.

Ushbu seminarning asosiy tashabbuskorlari Ispaniyaning “Universidad Autonoma de Madrid” universiteti professori Ana Linares hamda Silk Road Research Academy rahbari Azamat Akbarovlarning oliygohimizga tashrifi, qolaversa, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Jamoatchilik kengashi raisi Feruza Rashidova, Urganch davlat pedagogika instituti rektori Feruza Madraximova hamda Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Xamro Bektemirovlarning ishtiroki seminar nufuzini yanada oshirmoqda.  

Tadbirni universitetning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori G‘ayrat O‘razboyev ochib berdi. U o‘z nutqida konferensiyaning professor-o‘qituvchilar uchun zamonaviy metodikalarni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etishi, chet tillarini o‘rgatishda ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. 

Tadbir davomida CLIL metodologiyasining ta’lim jarayonidagi o‘rni, fan va tilni integratsiyalashgan holda o‘qitishning samarali usullari, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar bo‘yicha dolzarb mavzular muhokama qilindi. Unda xorijiy va mahalliy mutaxassislar, olimlar hamda pedagoglar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri hamda onlayn ishtirok etish imkoniyati yaratildi. 

Marosimda davomida ishtirokchilarga ilm-fan sohasiga qo’shgan hissalari uchun sertifikatlar taqdim etildi. 

Konferensiyaning ilk maʼruzalarini  Ispaniyaning “Universidad Autonoma de Madrid” universiteti professori Ana Linares hamda Silk Road Research Academy rahbari Azamat Akbarovlar boshlab berdi. Ular o‘z ma’ruzalarida CLIL metodologiyasining ta’lim jarayonidagi o‘rni, fan va tilni integratsiyalashgan holda o‘qitishning samarali usullari haqida atroflicha fikr bildirdilar.