Matnazar Abdulhakim so‘z va ohangda mangu barhayot

Xorazm qadimdan shoirlar, ijodkorlar vatani bo‘lib kelgan. Hozirgi adabiy jarayonda faol ishtirok etib, o‘zidan ezgu nom va bezavol ijodiy meros qoldirgan, oʻzbek adabiyoti rivojiga sezilarli hissa qoʻshgan koʻhna vohaning zabardast shoirlari xotirasi doimo yoshlar qalbida mangu yashaydi!

Bugun, 22-fevral kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Madaniyat saroyida Filologiya va san'at fakulteti tashabbusi bilan O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, tarjimon, tadqiqotchi, shoir Matnazar Abdulhakim tavalludining 77 yilligiga bag'ishlangan adabiy-badiiy xotira kechasi bo'lib o'tdi.

Badiiy kechada Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati boʻlimining bir guruh aʼzolari, taniqli shoir va yozuvchilar, ijodkorlar, Filologiya va san’at fakulteti professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlari ishtirok etishdi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan buyuk shoirning hayoti va ijodi, adabiy merosi haqida, shuningdek, insoniy fazilatlari, nihoyatda nozik fikrlaydigan, toʻgʻri soʻz, halol va bagʻrikeng inson boʻlganligi eʼtirof etildi.

Xotira kechasi Matnazar Abdulhakim ijodi asosidagi she'r va kuylarga, yorqin xotiralarga, jo'shqin raqslarga, mazmunli sahna ko'rinishlariga boy bo'ldi.  Ushbu tadbir shoir ijodiga bo‘lgan hurmat va ehtirom ifodasi bo‘lib, uning o‘lmas asarlari yana bir bor yodga olindi.

Tadbir yakunida Filologiya va san'at fakulteti dekani, professor D.G'ayipov so'zga chiqib, Matnazar Abdulhakimning buyuk inson, kamtarin ijodkor bo'lganliklari, uning fan fidoiysi sifatidagi izlanishlarini bugungi avlod, ijod olami ahli davom qildirishlari haqida fikr yuritdi. 

Tadbir yakunida Matnazar Abdulhakim, Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Omon Matjon tavallud sanalariga bag'ishlab o'tkazilgan tanlovlar g'oliblari diplom va esdalik sovg'alar bilan taqdirlandi.