Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida talaba-qizlarning iqtidorini yuzaga chiqarish, ularning hayotda mustahkam o‘rin egallashlariga ko‘maklashish maqsadida Xotin-qizlar maslahat kengashi tomonidan “Rivojlanish sari...” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Bugun ushbu loyiha doirasidagi ilk tadbir katta qiziqish bilan kutib olindi va o‘ziga xos seminar-trening shaklida tashkil etildi.
Dastlab, universitet rektori v.v.b. Sardor Xodjaniyazov so‘zga chiqib, mamlakatimizda, qolaversa, universitetda ayol-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning ilmli va bilimdon bo‘lib voyaga yetishi jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi. Loyiha ishiga rivoj tiladi.
Tadbirda talaba-qizlar milliy liboslarda ishtirok etishdi, bu esa nafaqat milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish, balki qizlarning o‘z an’analariga bo‘lgan hurmatini mustahkamlashga xizmat qildi. Seminar davomida qizlarning shaxsiy rivojlanishi, liderlik qobiliyatlarini shakllantirish, ijtimoiy faollikni oshirish hamda kasbiy yo‘nalishdagi muhim tavsiyalar berildi.
Loyihaning asosiy maqsadi talaba-qizlarni nafaqat ilm-fan, balki turli sohalarda o‘z o‘rnini topishga rag‘batlantirish, ularning tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Treninglar davomida turli muvaffaqiyatga erishgan ayol yetakchilar, professor-o‘qituvchilar va soha mutaxassislari tomonidan ma’ruzalar o‘qildi.
Xususan, Ma'mun universiteti Pedagogika va psixologiya kafedrasi o'qituvchisi, psixolog M.Mustafayeva, Urganch davlat universiteti amaliyotchi psixologi M.Avazovalar shaxsiy maqsadlarni belgilash va ularga erishish uchun tizimli yondashish hamda talaba-qizlarga o’z sohasining yetakchi mutaxassisi bo’lishda tavsiyalar berishdi, motivatsion chiqishlar tashkil qilishdi.
Tadbir yakunida Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi N.Otajonova ushbu loyiha har bir talaba qizning rivojlanishiga xizmat qiluvchi platforma ekanligini taʼkidlab, barchani faollikka chaqirdi.