Bugun “8-mart –Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida tantanali bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbir avvalida UrDU rektori v.v.b., prof. S.Xodjaniyazov universitetda faoliyat olib borayotgan barcha xotin-qizlarni bahoriy bayram bilan samimiy qutladi.
Bayram tadbirida oliygohda faoliyat yuritayotgan ayol pedagoglar va ishchi xodimalarga universitet ravnaqi yoʻlida qilayotgan mehnatlari va yoshlarga berayotgan bilimlari uchun faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi.
“Ayol – go‘zallik, nafosat, sadoqat va baxt timsoli” mavzusidagi tantanali bayram tadbiri joʻshqin konsert dasturi bilan yanada fayzli davom etdi.
Konsert dasturida Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artistlari aka-uka Gʻofurjon va Gʻulomjon Eshchanovlar hamda Xorazm maqom ansambli jamoasining shoʻx kuy-qo'shiqlari namoyish etildi.
Tantanali bayram tadbiri davomida ayollarimiz taniqli san'atkorlarning chiqishlarini katta hayajon bilan kutib olishdi. Ayniqsa, G‘ofurjon va G‘ulomjon Eshchanovlarning mahoratli xonishlari va Xorazm maqom ansambli a'zolarining o‘ziga xos ijrolari tomoshabinlarga katta zavq bag‘ishladi. Ularning qo‘shiqlari va kuylarida xalqning qadimiy an'analari va milliy qadriyatlari chuqur ifodalanib, bayramning ma'nosini yanada kuchaytirdi.