Bugun, 9-aprel kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida Texnika fakulteti tashabbusi bilan 9-10 aprel kunlariga mo’ljallangan "Innovatsion energetika: energetikaning fundamental asoslari va innovatsion muhandislik yechimlari" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o’z ishini boshladi.
Ushbu konferensiya energetika sohasidagi eng so'nggi yutuqlar va innovatsion yechimlarni muhokama qilishga qaratilgan bo'lib, unda turli mamlakatlardan va respublikamizning yetakchi universitetlaridan olimlar ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning asosiy maqsadi — energetika sohasidagi fundamental ilmiy asoslar va amaliy yechimlarni tahlil qilish, texnologik yangiliklar va innovatsiyalarni keng jamoatchilikka taqdim etishdir.
Dastlab konferensiyaning ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Unda Xorazm viloyati hokimi oʻrinbosari S.Salayev hamda universitet rektori v.v.b S.Xodjaniyazovlar soʻzga chiqib, mazkur konferensiya nafaqat ilm-fan uchun, balki mamlakatning energetika sohasini rivojlantirishda katta ahamiyatga egaligi, sohaning barqarorligini ta'minlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishga yordam berishi haqida soʻz yuritishdi, konferensiyani ochib berib, anjuman faoliyatiga muvaffaqiyat tilashdi.
Xalqaro miqyosda o'tkazilayotgan ushbu anjumanda nafaqat olimlar, balki sanoat vakillari, talabalar va mutaxassislar ham ishtirok etmoqda. Bu esa ilmiy va amaliy bilimlarni birlashtirib, energetika sohasida yangi yutuqlarga erishishga katta imkoniyatlar yaratadi.
Konferensiya o’z faoliyatini kunning ikkinchi yarmida “Energetika masalalarini yechishni zamonaviy matematik algoritmlari”, “Fizika va kimyo: energetikaning fizikaviy va kimyoviy asoslari”, “Elektr ta'minoti tizimining energiya samaradorligini oshirishdagi innovatsion yechimlari”, “Qayta tiklanuvchan energiya manbalari va raqamli energetika”, “Yashil texnologiyada energiya materiallarini lazer bilan qayta ishlash” kabi asosiy yo’nalishlarda davom ettiradi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Texnika fakultetining ilmiy-innovatsion sohadagi yutuqlari aks ettirilgan ko‘rgazma tashkil etildi.