Xalqaro hamkorlik

Bugun, 10-aprel kuni Urganch davlat universitetiga "Koreyashunoslik, ta'lim va innovatsiyalar" mavzusidagi xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun Rossiya va Qirgʻiziston oliy ta'lim muassasalaridan koreyalik mehmonlar hamda yurtimizning turli oliy ta'lim muassasalaridan bir guruh soha mutaxassislari tashrif buyurdi.

Mehmonlar bilan universitet rektori v.v.b. S.Xodjaniyozov, Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor Gʻ.Oʻrazboyev va Xorijiy filologiya fakulteti dotsenti J.Ermetova ishtirokida universitet jamoasining uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Muloqot davomida mehmonlarga Urganch davlat universitetining bugungi kundagi faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari, universitetda koreys tilining o'qitilishi va Janubiy Koreyaning Koreyashunoslik Akademiyasi loyihasi asosida universitetda amalga oshirilayotgan “Koreyashunoslik va til ta'limi” granti haqida ma'lumot berildi. O'z navbatida, mehmonlar ham o'z oliy o'quv yurtlari haqida ma'lumotlar taqdim etdilar va yakunda koreys tilini o'qitish bo'yicha hamkorlik o'rnatish masalasi muhokama qilindi.

Uchrashuvdan so'ng, mehmonlarga Xorijiy filologiya fakultetida tashkil etilgan Koreyashunoslik markazi tanishtirildi. Markazda koreyashunoslik faniga oid ilmiy tadqiqotlar olib borish, til o'qitish metodikalari va madaniy almashinuvlar sohasidagi loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu markazning mavjudligi, koreys tilini o'qitishdagi ilg'or metodlarni qo'llashga, shuningdek, xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.