Ayni paytda Polshaning poytaxti Varshava shahridagi nufuzli Varshava universitetida O‘zbekiston va Polsha oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli tadbirda ikki davlatning oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasiga mas’ul vazirlik va idoralari, shuningdek, yetakchi universitetlarining 80 dan ortiq vakillari qatorida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori v.v.b S.Xodjaniyazov hamda Tarix kafedrasi mudiri O'.Abdullayevlar ishtirok etmoqda.
Bugun forumning asosiy ma′ruzalari bo‘lib o‘tdi. Unda UrDU rektori v.v.b S.Xodjaniyazov universitetning bugungi kundagi faoliyati, ilmiy va ta‘limiy imkoniyatlari, qo‘lga kiritilayotgan natijalar haqida nutq so‘zladi.
Forum davomida Silesian texnologiya universiteti Xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Prof. Sebastian Werle bilan, Belystok universiteti Ilmiy ishlar va xalqaro hamkorlik boyicha prorektori Dr.Agnieszka Piekutowska hamda Mariya Kyuri-Sklodovska universiteti prorektori prof. Dorota Kołodyńska bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Ushbu kelishuvlar akademik almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, ikki diplomli dasturlar hamda talaba-o‘qituvchilar almashinuvi, stajirovkalar va yozgi maktablar tashkil etish, shuningdek, birgalikda Erasmus+ xalqaro dasturida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish imkoniyatlarini beradi.