Bugun, 20-may kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Axborot-resurs markazining yangi binosi hamda Pekin-Urganch matematika markazining tantanali ochilish marosimi o’tkazildi. Ushbu tadbirda universitet rahbariyati, taniqli olimlar, talabalar, xorijiy mehmonlar hamda hududiy tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Tantanali marosimni UrDU rektori v.v.b S.Xodjaniyazov hamda Xorazm viloyati hokimi o’rinbosari S.Salayev kirish so’zi bilan ochib berib, mazkur kutubxona viloyatimizda ilm-fanni yanada ravnaq topishida xizmat qilishini tilashdi.
Tabrik soʻzlarida Oliy Majlis Senatining fan, ta'lim va sog'liqni saqlash masalalari qo'mitasi raisi B.Abdullayev, Pekin xalqaro matematika tadqiqot markazi professori Gang Tian, Kaliforniya universiteti professori Z.Ibragimov, Urganch davlat universiteti professori O.Jumaniyozov hamda bino quruvchisi R.Abdullayevlar so’zga chiqib, barchani mazkur ilm maskanining foydalanishga topshirilishi bilan samimiy qutlashdi. Bu kabi islohotlar yurtimizda ta’limga bo’lgan yuksak e’tibor natijasi ekanini ta’kidlab, kelgusida mazkur binoning yoshlarni yanada chuqurroq bilim olishi uchun zamin yaratishiga ishonch bildirishdi.
Shundan soʻng, lenta kesish marosimi oʻtkazilib, mehmonlar yangi binoning sharoitlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldilar.
Urganch davlat universitetining ushbu zamonaviy Axborot-resurs markazi ilmiy tadqiqotlarga zamin yaratadigan muhit va yoshlarni intellektual rivojlantirishga xizmat qiladigan ilmiy-ma’rifiy markazdir. Bu bino bir vaqtning o’zida 1000 nafar foydalanuvchiga xizmat qiladi. Kutubxonada Pekin-Urganch matematika markazi, 506 o‘ringa mo‘ljallangan faollar zali hamda universitet tarixi va ilmiy merosini aks ettiruvchi muzey, har bir qavatda ikkitadan 100 oʻrinli buyuk qomusiy olimlarimizning nomi bilan atalgan oʻquv zallari va boshqa zamonaviy imkoniyatlari mavjud.
Bu markaz nafaqat talabalar, balki professor-o‘qituvchilar, izlanuvchi yoshlar uchun foydali ilmiy manbaga aylanishiga ishonchimiz komil.