Urganch - Pekin matematika markazi ilmiy kengashining ilk yig’ilishi bo’lib o’tdi

2024-yilning 30-dekabr kuni Urganch davlat universiteti va Pekin xalqaro matematika ilmiy tadqiqot markazi bilan imzolangan hamkorlikka binoan UrDUda algebra va algoritm asoschisi, buyuk olim Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Urganch - Pekin xalqaro matematika markazi tashkil etildi.

Bugun, 20-may kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida mazkur markazning ochilishi munosabati bilan markazning ilmiy kengashining ilk yig’ilishi bo’lib o’tdi. Unda Pekin xalqaro matematika tadqiqot markazi professori Gang Tian boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, Oliy Majlis Senatining fan, ta'lim va sog'liqni saqlash masalalari qo'mitasi raisi B.Abdullayev hamda Urganch davlat universiteti prorektorlari G'.O'razboyev, Z.Ibragimov va Fizika-matematika fakulteti professor-o'qituvchilari ishtirok etdi.

Yig’ilishda tomonlar mazkur hamkorlikning kelgusidagi istiqbolli rejalari: matematikaning zamonaviy yo‘nalishlarini rivojlantirish,  matematika sohasidagi ta’lim sifati va ilmiy-tadqiqot samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi asosiy maqsadlarini muhokama qilishdi. Shuningdek, markazga rahbar tayinlash yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Ta’kidlash joizki, mazkur markaz faoliyati davomida quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshiradi:
Iqtidorli yoshlarni tanlab markaz negizida ilmga yo‘naltirish; 
Matematika fanini xalqaro maydonda targ‘ib qilish;
Yosh matematiklar uchun xalqaro yozgi lagerlar tashkil etish;
“Algebrani – algebra vatanida o‘rganamiz” shiori ostida xorijlik talabalar uchun yozgi semestrlar tashkil etish;
“Matematika” jurnali (Journal of Mathematics) ilmiy-ommabop jurnali tashkil etish;
Doktoranturadan keyingi dasturlar tashkil etish orqali matematikaning zamonaviy yo‘nalishlarini rivojlantirish.