TA’ZIYA
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Milliy universiteti Matematik analiz kafedrasi professori, fizika-matematika fanlari doktori, yurtimizning taniqli matematik olimi Azimboy Sa’dullayev 2025-yil 28-may kuni, 78 yoshida olamdan o‘tdi.
Azimboy Sa’dullayev o‘zining ilm-fanga sadoqatli mehnati, boy ilmiy merosi, halolligi, yuksak insoniy fazilatlari va fidokorona pedagogik faoliyati bilan xalqimiz va yurtimiz oldida beqiyos xizmat ko‘rsatgan ulug‘ siymolardan biri edi. Uning yetishtirgan shogirdlari, yaratgan ilmiy maktabi va olib borgan fundamental tadqiqotlari nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro ilmiy doiralarda ham keng e’tirof etilgan.
Marhum olimning “Ko‘p kompleksli o‘zgaruvchili funksiyalar nazariyasi” va “Kompleks potensiallar nazariyasi” sohalaridagi ilmiy ishlari zamonaviy matematikaning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan, ko‘plab ilmiy avlodlarga yo‘l ko‘rsatgan.
Azimboy Sa’dullayevning vafoti butun ilmiy jamoatchilik, ayniqsa, matematiklar safi uchun katta yo‘qotishdir.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti jamoasi nomidan marhumning oila a’zolari, yaqinlari, shogirdlari va ilm-fan ahli dardiga hamdardlik bildirar ekan, unga Ollohdan rahmat, oila a’zolariga sabr-irodalar tilaydi.
Ma’lumot uchun: Janoza 2025-yil 28-may kuni, peshin namozidan so‘ng Zangiota ziyoratgohida bo‘lib o‘tadi.