Al-Xorazmiy nomidagi III Xalqaro matematika olimpiadasi: Dunyo talabalari iqtidorini sinovdan o‘tkazmoqda

Bugun, 28-may kuni Al-Xorazmiy nomidagi III xalqaro matematika olimpiadasining birinchi kun bahslari Xorazm viloyati “Yoshlik” sport majmuasida bo’lib o’tmoqda. Nufuzli xalqaro olimpiadada dunyoning 16 ta davlatidan 57 ta nufuzli universitet jamoalari ishtirok etmoqda. Olimpiadada jami 218 nafar talaba o‘zaro bellashib, matematikaning eng murakkab masalalariga ijodiy yondashuv asosida yechim izlamoqda.

Olimpiadaning birinchi kuni ishtirokchilar oʻrtasida individual musobaqa oʻtkaziladi, ikkinchi kuni esa jamoa boʻlib bellashadilar. Har bir musobaqaga 5 tadan misol beriladi va 4 soat vaqt belgilanadi.  Xalqaro olimpiadani turli mamlakatlardan kelgan, matematika fani bo’yicha xalqaro darajadagi 12 nafar ekspertlar hakamlar hay’ati a'zosi sifatida kuzatib bormoqda va munosib baholaydi.

Olimpiada iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni fundamental va aniq fanlar bilan shug‘ullanishga keng jalb etish hamda ilm-fan yo‘lida xalqaro hamkorlikni kengaytirishni ko’zda tutadi.

Jarayonlarda barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat tilab qolamiz!