Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida Filologiya va san'at fakulteti tashabbusi bilan 3-4 iyun kunlariga mo’ljallangan ulug’ shoir Komil Xorazmiy tavalludining 200 yilligi hamda Muhammad Rahimxon Feruz tavalludining 180 yilligiga bag’ishlangan “Filologiya va san’atshunoslikning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o’z ishini boshladi.
Anjumanda Urganch davlat universiteti Filologiya va san'at fakulteti jamoasi, Turkiya Respublikasining Karabuk universiteti, Boshkent universiteti hamda Ozarbayjon Fanlar Akademiyasining Nizomiy nomidagi adabiyot instituti olimlari, Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari onlayn va oflayn tarzda ishtirok qilishdi.
Anjumanning ochilish marosimida oliygoh Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Z.Ibragimov so’zga chiqib, anjuman faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. Shundan so’ng, anjuman kun tartibidan o’rin olgan mavzular yuzasidan ma’ruzalar boshlandi. Ushbu ilmiy-amaliy tadbirga Filologiya va san'at fakulteti dekani D.G‘ayipov moderatorlik qildi.
Konferensiyada adabiy jarayondagi jonlanish, an'anaviy mavzularning yanada boyishida, janrlarning shakliy rang-baranglashuvida Komil Xorazmiy yaratgan she'riyat bo'stonining o’rni hamda Feruz mumtoz she'riyatning g’oyaviy mazmuni to’g’risida atroflicha so’z yuritildi.
Anjumanda f.f.d, prof N.Jabborovning “Xiva adabiy muhiti: an'ana va mahorat”, f.f.d, prof D.G‘ayipovning “Ogahiy adabiy an’analarining Feruz ijodiga ta’siri xususida ba’zi mulohazalar”, prof Almaz Ulvi Binnatovaning “Lirik – romantik hekayətlərin poetikası”, prof Abdurahman Guzelning “Babürlü Kuzey Hindistanında Ali Şîr Nevâyî tesiri”, prof Kemal Yavuz Atamanning “Harezm’den Anadolu’ya, Anadolu’dan dünyaya, Hz. Mevlânâ”, f.f.n, dotsent S.Matkarimovalarning "Xorazm adabiy muhitida chiston janri rivojida Alisher Navoiy ta’siri" mavzularida ma’ruzalari tinglandi.
“Filologiya va san’atshunoslikning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning badiiy qismida Filologiya va san’at fakultetining iqtidorli talaba-yoshlari o‘zlarining musiqiy chiqishlari hamda sahna ko‘rinishlarini namoyish etdilar. Anjuman ishtirokchilari yoshlarning iste’dodlari bilan yaqindan tanishib, yuqori baholashdi. Shuningdek, Sa’nat kafedrasi professor-o‘qituvchilari Komil Xorazmiy qalamiga mansub mumtoz musiqalarni jonli ijro etishdi. Bu chiqishlar anjumanga o‘ziga xos san’atiy rang-baranglik va badiiy did bag‘ishladi, ishtirokchilar tomonidan iliq qabul qilindi.
4-iyun kuni anjuman o’z faoliyatini sho’balar yig’ilishida davom ettiradi.