8-sentabr kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida 1-kurs talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi bilan hamkorligida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet Birinchi prorektori D.Ibadullayev, rektor maslahatchisi A. Shakarov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Urganch shahar bo‘yicha bosh mutaxassisi O. Vaisov, Xorazm viloyati IIB tezkor qidiruv xizmati terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi vakili A. Xudayberganov, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi G‘. Atajonov hamda viloyat IIB TQX kiberxavfsizlik boshqarmasi xodimi, mayor M.Qabulov ishtirok etib, ma’ruza qilishdi.
Ma’ruzachilar tomonidan talabalarga yoshlar ongini turli zararli oqim va ekstremistik g‘oyalardan asrash, radikalizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, kiberxavfsizlik tushunchasi, inson huquqlari va qadriyatlarini himoya qilishning ahamiyati, huquqiy-demokratik jamiyatda har bir fuqaroning mas’uliyati va burchlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv davomida mavzuga oid, hayotiy misollarga tayangan videoroliklar namoyish etildi.