Urganch davlat universitetining faxrli ustozlaridan biri, professor, o`zbek tilshunosligi fanining rivojiga munosib hissa qo`shib kelayotgan, fanning onomastika sohasini shakllanishida o`z o`rniga ega yetuk olim Zaribboy Do`simov tavalludiga 75 yil, ilmiy-pedagogik faoliyatiga esa 55 yil to`ldi.

Ushbu sana munosabati bilan bugun, 2021-yil 20-may kuni Urganch davlat universiteti Madaniyat saroyida ilmiy-nazariy anjuman va tantanali kecha bo`lib o`tdi.
O‘z qalb qo‘rini, ko‘z nurini, mehr – muhabbatini ilm-fan rivojiga bag`ishlagan, kelajagi buyuk yurtga barkamol avlodlarni – komil insonlarni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifani zimmasiga olib, bu olijanob ishni sharaf bilan bajarishga bel bog`lagan ustozmizni qutlash, e’zozlash maqsadida respublikaning taniqli professorlari, fan doktorlari, ustozning kasbdosh do`stlari, universitet prosessor-o`qituvchilari hamda talaba-yoshlar to`plandi.

Anjumanni UrDU O`quv ishlari bo`yicha prorektori S. Xodjaniyazov kirish so`zi bilan ochib berib, ustozni qizg`in tabrikladi.
Anjumanda viloyat hokimning o‘rinbosari San`at Salayev, O‘zFA Til va adabiyoti instituti professori, f.f.d. Ibrohim Haqqulov, NamDu professori Nosirjon Ulug‘ov, QDU professori Shamshod Abdunazimov, dotsent Farhod Bobojonov, respublika Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi rahbari G.Ibodullayeva, viloyat Axborot-kutubxona markazi rahbari, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shuhrat Matkarimov, UrDU Filologiya fakulteti professori, f. f. d. S.Ro‘zimboyev, professor X. Bobojonov, fakultet dekani dots. D. Gʻayipovlar so`zga chiqib, ustozning hayoti va ilmiy faoliyati, olib borgan tadqiqotlari, ustoz-shogird an`analari, jamoada ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish yо‘lidagi xizmatlari haqida gapirib, o`z dil izhorlari, samimiy tilak va istaklarini bildirdilar.

Anjumanning badiiy qismida talabalar tomonidan ustozni ulug`lovchi tabrik she`rlar ijro etildi.
Anjumanda OAV vakillari ishtirok etdi.





