Reyting baholash va akkreditatsiya jarayonlari davom etmoqda

Bugungi kunda ta’lim sifati, bitiruvchilar raqobatbardoshligi va universitetlarning xalqaro maydondagi nufuzi ularning akkreditatsiya tizimi orqali belgilanadi. Shu ma’noda, ayni kunlarda Germaniyaning nufuzli “ASIIN” xalqaro akkreditatsiya agentligi ekspertlarining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida reyting baholash va akkreditatsiya jarayonlarini o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

Hozirda ekspertlar universitet faoliyatini xalqaro standartlar asosida baholab, o‘quv dasturlari, ilmiy salohiyat, talabalarning amaliy tayyorgarlik darajasi va bitiruvchilar bandligini chuqur o‘rganishmoqda. 

Bugun ekspertlar ish beruvchi hamkor tashkilotlar, xususiy sektor vakillari hamda universitetni tamomlagan bitiruvchilar bilan uchrashuv o‘tkazishdi. Mazkur uchrashuv davomida Urganch davlat universiteti bitiruvchilarining mehnat bozoridagi o‘rni, ularning kasbiy tayyorgarligi va amaliy ko‘nikmalari atroflicha muhokama qilindi. Ish beruvchilar oliygohda olib borilayotgan ta’lim jarayoni va kadrlar tayyorlash tizimiga yuqori baho berar ekan, aynan shu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidladilar.

Bu kabi xalqaro akkreditatsiya jarayonlari Urganch davlat universitetining ta’lim sifatini oshirish, xalqaro e’tirofini mustahkamlash, shuningdek, talabalar va bitiruvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.